O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov shaxmat olamidagi eng nufuzli musobaqalardan biri — an’anaviy tarzda Niderlandiyaning Veyk-an-Zee shahrida o‘tkaziladigan Tata Steel Chess Tournament 2026 turniri g‘olibiga aylandi. Ikkinchi o‘rinni yana bir o‘zbekistonlik shaxmatchi — Javohir Sindarov egallab, mamlakat uchun tarixiy “dubl”ni ta’minladi.
Abdusattorov turnir davomida ishonchli o‘yin namoyish etdi va so‘nggi tur oldidan jadvalda yakka peshqadam bo‘lib turgan edi. 1-fevral kuni hal qiluvchi partiyada u hindistonlik grossmeyster Arjun Erigaisini mag‘lub etdi va musobaqani 13 partiyadan 9 ochko bilan yakunladi (6 g‘alaba, 6 durang va 1 mag‘lubiyat). Bu unvon Abdusattorov uchun Tata Steel Masters darajasidagi ilk g‘alaba bo‘lib, u bunga to‘rtinchi urinishda erishdi.
Avvalroq o‘zbekistonlik shaxmatchi uch bor sovrindorlar qatoridan joy olgan: 2023 yilda ikkinchi, 2024 va 2025 yillarda esa uchinchi o‘rinni egallagan. G‘alabadan so‘ng Abdusattorov ushbu turnirni bolaligidan yutishni orzu qilganini, bu muvaffaqiyat esa faoliyatidagi eng muhim lahzalardan biri ekanini aytdi.
Javohir Sindarov turnirni 13 partiyadan 8,5 ochko bilan yakunladi (4 g‘alaba va 9 durang) va Masters guruhida birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan yagona ishtirokchi bo‘ldi. U so‘nggi turdagi partiyasini yutib, chempionlik uchun oxirigacha kurash olib bordi va g‘olibdan atigi yarim ochkoga ortda qoldi.
Turnir yakunlariga ko‘ra, Abdusattorov FIDE’ning onlayn reytingida yana 5-o‘ringa ko‘tarildi, Sindarov esa ilk bor jahon reytingining 11-pog‘onasiga chiqdi. Mutaxassislar Tata Steel Chess 2026 natijalarini O‘zbekiston shaxmati tarixidagi eng yirik yutuqlardan biri sifatida baholamoqda.
Muvaffaqiyatli ishtirokdan so‘ng har ikki shaxmatchi mavsumni 13–15-fevral kunlari Germaniyada bo‘lib o‘tadigan, mukofot jamg‘armasi 300 ming dollarni tashkil etuvchi FIDE Freestyle Chess World Championship 2026 (rapid) musobaqasida davom ettiradi.