Sport
03.09.25
7561

O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari murabbiy almashishi haqidagi mish-mishlar tufayli bosimni his qilmoqda — Kapadze

Timur Kapadze ta’kidlashicha, murabbiy almashishi haqidagi mish-mishlar O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘yinchilar esa o‘yinlar oldidan yangiliklarga chalg‘imoqda.

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi o‘zgarishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar futbolchilarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda milliy jamoa bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Timur Kapadze Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi Millatlar Kubogi (CAFA Nations Cup) birinchi turida Ummon bilan o‘yindan so‘ng aytib o‘tdi. Uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi.

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Kapadze futbolchilar internetdagi xabarlarga diqqat bilan e’tibor berayotganini, bu esa ularga qo‘shimcha bosim bo‘lib, tayyorgarlikka to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladi:

«Kechirasiz, lekin internetda tinmay xabarlar chiqyapti — “bu keldi, u keldi”. Futbolchilar qanday kayfiyatda bo‘lishadi? Ular telefonda o‘tirib, hammasini o‘qiydi. Bu bizni chalg‘itadi», — dedi u.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, terma jamoa turnir boshlanishidan oldin atigi ikki marta to‘liq mashg‘ulot o‘tkazishga ulgurgan, qolgan vaqt esa tiklanish va jamoani yig‘ishga ketgan.

Qiyinchiliklarga qaramay, Kapadze shogirdlarining o‘yinidan mamnunligini bildirib, futbolchilar maydonda bor kuchlarini sarflaganini qayd etdi. U, shuningdek, chet ellik murabbiy taklif etilishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarga ham izoh berib, asosiy vazifa — jamoani kim boshqarishidan qat’i nazar milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlash ekanini urg‘uladi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling