2023-yil noyabr oyida bloger va tadbirkor Diyora Usmonovaning obunachilari uni vaqtincha ijtimoiy tarmoqlardan yo‘qolganini payqashgan. Keyinchalik u katta qizi otidan yiqilib, og‘ir jarohatlar olganini ma’lum qilgan edi. Yaqinda esa Usmonova voqea tafsilotlarini ochiqladi.
— Qizim otidan yiqilib, umurtqasini sindirdi va yana ko‘plab jarohatlar oldi. Uni shifoxonaga olib borganda, shifokorlar hech qanday prognoz bermagan, u falaj bo‘lib qolishi mumkin edi. Shuningdek, quloq kanallari va boshi shikastlangan, bu kar bo‘lib qolishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emasdi. Taqdirga shukrki, barcha jarohatlar va sinishlar muhim a’zolar va arteriyalarga, jumladan uyqu arteriyasi va orqa miyaga ta’sir qilmagan, — dedi u.
Diyora Usmonovaning so‘zlariga ko‘ra, hozirda uning qizi o‘zini yaxshi his qilmoqda va to‘liq sog‘ayib ketgan.