O‘zbekiston Migratsiya agentligi Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, firibgarlikda gumon qilingan ikki xodimining qo‘lga olinishi ortidan rasmiy bayonot berdi.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, jinoyat guruhi 80 dan ortiq fuqaroning hisobidan 700 ming dollardan ko‘proq mablag‘ to‘plagan. Qo‘lga olinganlardan biri — Agentlikning Namangan viloyatidagi bosh mutaxassisi bo‘lib, u “yuborish va’dasi” evaziga 41 ming dollar olgan. Mablag‘ning bir qismi markaziy apparat xodimiga yetkazilgan, u daliliy ashyolar bilan qo‘lga tushgan.
Agentlik ta’kidlashicha, 2024-yil oktyabrida qayta tashkil etilib, Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysundirilgandan so‘ng Koreyaning E-9 vizasi bo‘yicha saralashlar o‘tkazilmagan.
“Alohida xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklardan so‘ng, Janubiy Koreyaga yuborish bilan bog‘liq barcha kadrlarga, jumladan Seul vakolatxonasi xodimlariga ham to‘liq o‘zgarish kiritildi”, — deyiladi izohda.
Idora fuqarolar ishonchidan suiiste’mol qilgan shaxslarning harakatlarini keskin qoraladi va barcha shubhali holatlar haqida 71–202–44–11 va 12-82 raqamlari orqali Komplayens xizmati bilan bog‘lanishga chaqirdi.
Hozirda tergov davom etmoqda va jinoyat sxemasining boshqa ishtirokchilarini aniqlash ishlari olib borilmoqda.