Ijtimoiy himoya milliy agentligi idoraning eskirgan axborot bazasiga uyushtirilgan kiberhujum oqibatida shaxsiy ma’lumotlar sizib chiqqani faktini rasman tasdiqladi.
Agentlikda ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda. Hozirda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligini ta’minlash hamda kelgusida bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, qo‘shimcha ma’lumotlar belgilangan tartibda e’lon qilinadi.
Ma’lumotlar sizib chiqgani haqidagi e’tirof davlat tuzilmalari tomonidan ilgari ularning axborot tizimlari to‘liq himoyalangani haqida yangragan bayonotlar fonida yangradi. Bu xabarlar elektron hukumatning E-Gov tizimidagi markaziy avtorizatsiya serveri ehtimoliy buzib kirilgani haqidagi materiallar e’lon qilinganidan so‘ng paydo bo‘lgan, o‘shanda idoralar zaifliklar mavjudligini omma oldida rad etgan edi.
Avvalroq ochiq manbalarda internet tarmog‘iga kamida 15 million nafar O‘zbekiston fuqarosining ma’lumotlari tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar chiqqan edi. Reddit platformasidagi postlarga ko‘ra, elektron hukumat tizimining asosiy OAuth-serveri — davlat organlari, banklar va tijorat tuzilmalari saytlariga kirishda foydalaniladigan muhim bo‘g‘in — komprometatsiya qilingan.
Ta’kidlanishicha, ushbu hodisa oqibatida hujumchilar FIO, manzillar, telefon raqamlari hamda pasport ma’lumotlari kabi shaxsiy ma’lumotlarga kirish imkoniga ega bo‘lishi mumkin. Potensial zararlangan tizimlar qatorida IHMA.UZ, STAT.UZ, shuningdek, Ipoteka-refinanslash kompaniyasi va boshqa tashkilotlar resurslari ham tilga olingan.