O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining sobiq matbuot kotibi Ahror Burxonov AQShning Vashington shtatidagi O‘zbekistonning birinchi bosh konsuli etib tayinlandi.
Diplomat bu haqda X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi uch yil davomida TIV matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritgan va bu davrda qo‘llab-quvvatlagan hamkasblari, ustozlari hamda hamkorlariga minnatdorlik bildirgan.
Burxonovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu davr uning professional faoliyatida muhim bosqich bo‘lib, diplomatiya va xalqaro kommunikatsiyalar sohasida qimmatli tajriba berdi. U jamoaning asosiy maqsadi mamlakat manfaatlariga xizmat qilish bo‘lganini ta’kidladi.
Yangi lavozimda diplomat AQShning shimoli-g‘arbiy qismida O‘zbekistonning konsullik ishtirokini rivojlantirish, shuningdek, vatandoshlar va xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash bilan shug‘ullanadi.
Avvalroq O‘zbekiston AQShda diplomatik vakolatxonalar tarmog‘ini kengaytirishni rejalayotgani, xususan, Chikago, San-Fransisko va Vashington shtatida yangi konsulliklar ochilishi kutilayotgani xabar qilingandi.