Toshkent markazida uchta avtomobil ishtirokida jiddiy yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Hodisa shanba kuni kechqurun Nukus ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Poytaxt IIBB YHXB ma’lumotiga ko‘ra, Chevrolet Gentra avtomobilini 19 yoshli haydovchi boshqargan. Glinka ko‘chasi bilan kesishma yaqinida u bir yo‘nalishda harakatlanayotgan Nexia 3 bilan to‘qnashgan. Zarba oqibatida Gentra beton ajratgichdan oshib o‘tib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan, svetoforni urib yuborgan hamda chorrahada turgan Chevrolet Cobalt’ga ham shikast yetkazgan.
YTH oqibatida avtomobil jiddiy mexanik shikastlangan. Voqea joyiga tez tibbiy yordam brigadasi yetib kelib, Gentra haydovchisiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga yuqori tezlik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar mazkur hududda bunday qoidabuzarliklar tez-tez qayd etilishini ma’lum qildi.