O‘zbekistonda banklar va to‘lov tizimlarining mobil ilovalari faoliyatiga qo‘yilgan yangi talablar kuchga kirdi. Endilikda foydalanuvchilar o‘z akkauntlariga faqat o‘zlariga yoki yaqin qarindoshlariga tegishli bank kartalari, hisob raqamlari va elektron hamyonlarni bog‘lay oladi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, bitta akkaunt orqali begona kartalardan foydalanish taqiqlanadi. P2P-o‘tkazmalarga ruxsat etiladi, biroq faqat foydalanuvchining o‘ziga yoki uning qarindoshlariga tegishli moliyaviy vositalar orqali.
Ro‘yxatdan o‘tish va kartani qo‘shish jarayonida tizim avtomatik tarzda telefon raqami va PINFL mosligini tekshiradi. Ma’lumotlar mos kelmagan taqdirda ilovada ro‘yxatdan o‘tish yoki kartani bog‘lash imkonsiz bo‘ladi.
Shuningdek, biometrik identifikatsiyani kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Banklar va to‘lov tashkilotlari foydalanuvchining “jonli”ligini tekshiruvchi biometrik nazoratni joriy etishi shart. Bu shaxsni fotosurat yoki tasvirlar orqali tasdiqlash imkoniyatini istisno qiladi.
Ruxsatsiz kirishlarning oldini olish maqsadida qo‘shimcha cheklovlar ham kiritildi. Agar bir martalik SMS-kod uch marta noto‘g‘ri kiritilsa, mobil ilovadagi barcha operatsiyalar avtomatik ravishda 15 daqiqaga bloklanadi.
Akkauntga kirish tartibi ham o‘zgartirildi. Yangi qurilmadan avtorizatsiya qilinganda yoki parol tiklanganda, ilovaga ilgari bog‘langan barcha bank kartalari o‘chiriladi, ular bo‘yicha operatsiyalar tarixi esa tozalanadi. Kartalarni qayta bog‘lash faqat biometrik identifikatsiyadan o‘tgandan so‘ng mumkin bo‘ladi.
Mazkur o‘zgarishlar firibgarlik xavfini kamaytirish hamda foydalanuvchilarning shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlarini yanada ishonchli himoyalashga qaratilgan.
Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki Yangi Bank tugatilgani haqida ma’lum qilgandi. Shu fonida firibgarlar omonatchilarga mablag‘larni “tezlashtirilgan tartibda” qaytarib olishda yordam taklif qilgan xabarlarni tarqata boshlagan. Bank va regulyator fuqarolarni shaxsiy ma’lumotlarni begonalarga bermaslikka va faqat rasmiy axborot manbalariga tayanishga chaqirdi.