2025-yil 7-oktabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi fuqarolarni ularning roziligisiz tasvirga olishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun shaxs tasviridan foydalanish tartibini belgilaydi, yashirin suratga olish uchun javobgarlikni joriy etadi hamda jamoat joylarida videokuzatuv olib borish qoidalarini aniqlashtiradi. Hujjatda, shuningdek, voyaga yetmaganlar ularning tasvirini yozish va tarqatish masalasida mustaqil huquq subyekti hisoblanishi qayd etilgan.
Hujjatga ko‘ra, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni suratga olish uchun ota-onasi yoki vasiylarining roziligi talab etiladi. Videokuzatuv o‘rnatilgan joylarda esa kuzatuv olib borilayotgani haqida ogohlantiruvchi yozuv bo‘lishi shart.
Qonunda shuningdek, shaxsiy hayot daxlsizligini buzishi mumkin bo‘lgan joylarda — kiyim almashtirish xonalari, hojatxonalar va shunga o‘xshash joylarda videokameralar o‘rnatish taqiqlanadi.
O‘zgartirishlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46¹-moddasiga ham kiritilmoqda. Fuqarolarning roziligisiz yashirin texnik vositalar yordamida shaxsiy ma’lumotlarni olish uchun 10 dan 40 tagacha bazaviy hisoblash miqdorida (4,12 mln so‘mdan 16,48 mln so‘mgacha) jarima belgilangan, shuningdek, uskunalar musodara qilinadi.
Qonun ikkinchi va uchinchi o‘qishda 121 nafar deputat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, qarshi ovoz bo‘lmadi. Endi hujjat Senatga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, shunga o‘xshash loyiha 2020-yilda ham muhokama qilingan edi, biroq u paytda so‘z erkinligiga tahdid bo‘lishi mumkinligi sababli tanqidga uchragan. Yangilangan versiya esa huquqiy va lingvistik ekspertizadan o‘tkazilgan.