Yangiliklar
26.12.25
7647

Toshkent shahri uchun yagona shahar muhitining dizayn-kodi ishlab chiqildi

Toshkent uchun me’moriy qiyofa, peshlavhalar, obodonlashtirish va tarixiy muhitni tartibga soluvchi dizayn-kod qabul qilindi. Hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

Toshkentda poytaxt dizayn-kodini joriy etish va qo‘llashni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Ushbu qaror 25-dekabr kuni Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashining qurilish, kommunal va suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat hamda transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi yig‘ilishida tasdiqlandi.

Dizayn-kod Citymakers International va Toshkent Invest kompaniyalari hamkorligida ishlab chiqilgan. Uning asosiy maqsadi — yagona, qulay va xavfsiz shahar muhitini shakllantirish, shuningdek poytaxtdagi binolar va jamoat hududlarining tashqi ko‘rinishi uchun aniq va tushunarli yagona qoidalarni belgilashdan iborat.

Hujjat keng qamrovli masalalarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, fasadlarning me’moriy qiyofasi, kirish guruhlari va vitrinalarni bezash, peshlavhalar va reklama talablari, ko‘chalarni obodonlashtirish, shahar mebellari, navigatsiya va yoritish elementlari belgilangan. Alohida bo‘lim tarixiy muhit va me’moriy merosni asrashga bag‘ishlangan.

Qayd etilishicha, dizayn-kodni ishlab chiqishda Toshkent shahrining o‘ziga xos jihatlari inobatga olingan holda eng yaxshi xalqaro va mintaqaviy tajribalar moslashtirilgan. Citymakers International kompaniyasi ilgari Moskva, Sankt-Peterburg, shuningdek Qozog‘iston va MDHning qator shaharlarida shunga o‘xshash loyihalarni amalga oshirgan.

Vizual tartibga solish bilan bir qatorda, hujjatda tutash hududlardan oqilona foydalanish tartibi ham belgilangan hamda madaniy va ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, alohida rejim joriy etiladigan turistik ko‘chalar ro‘yxati shakllantirilgan.

Kutilishicha, dizayn-kodning joriy etilishi tadbirkorlik faolligini rivojlantirishga, shahar muhitini tartibga solishga, qulaylik va xavfsizlik darajasini oshirishga, shuningdek biznes va aholi daromadlarining ko‘payishiga xizmat qiladi.

Kengash qaroriga muvofiq, dizayn-kodga oid ilovalar yaqin vaqt ichida regulation.gov.uz platformasida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Unda shahar aholisi va professional hamjamiyat vakillari o‘z taklif va mulohazalarini bildirishlari mumkin bo‘ladi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling