O‘zbekistonning bir qator hududlarida hafta oxirigacha havo ifloslanishining yana kuchayishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet ogohlantirdi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, kuchli yog‘ingarchiliklar davridan so‘ng haroratning nisbatan ko‘tarilishi fonida atmosferada inversiya jarayonlari faollashadi. Ushbu hodisa ayniqsa tonggi, kechki va tungi soatlarda yaqqol namoyon bo‘lib, yerga yaqin qatlamda havo almashinuvi keskin cheklanadi.
Qayd etilishicha, harorat inversiyasi eng kuchli tarzda Toshkent shahrida, shuningdek Samarqand va Jizzax viloyatlarida kuzatilmoqda. Bunday sharoitda ifloslantiruvchi moddalar havoda yomon tarqaladi va bu ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladi.
O‘zgidromet mutaxassislari O‘zbekiston hududi tabiiy-geografik xususiyatlari va relyefi sababli umuman olganda atmosferada inversiya jarayonlari tez-tez va deyarli doimiy kuzatiladigan mintaqalardan biri ekanini eslatdi.
Amaldagi prognozlarga ko‘ra, respublika bo‘ylab iliq ob-havo va inversiya jarayonlari hafta oxirigacha saqlanib qoladi.