Yangiliklar
21.01.26
7439

O‘zbekistonlik dzyudochi BAA o‘smirlar terma jamoalariga bosh murabbiy etib tayinlandi

Dzyudo bo‘yicha jahon chempionati kumush medali sovrindori Sharofiddin Lutfullayev BAA o‘smirlar va yoshlar terma jamoalariga bosh murabbiy etib tayinlandi. Bungacha u O‘zbekiston terma jamoasi bilan ishlagan.

Dzyudo bo‘yicha jahon chempionati kumush medali sovrindori Sharofiddin Lutfullayev Birlashgan Arab Amirliklari dzyudo bo‘yicha o‘smirlar (U18) va yoshlar (U21) terma jamoalariga bosh murabbiy etib tayinlandi.

Yangi lavozimga tayinlanishidan avval o‘zbekistonlik mutaxassis O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi murabbiylar shtabida faoliyat olib borgan. Lutfullayev Tokio Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng sportchilik faoliyatini yakunlab, murabbiylik ishiga to‘liq e’tibor qaratgan.

Sharofiddin Lutfullayev mamlakatning eng unvonli dzyudochilaridan biri hisoblanadi. U dzyudo bo‘yicha jahon chempionatida 60 kg vazn toifasida kumush medalni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, uning hisobida Gran-pri turnirlarida 5 ta g‘alaba, “Katta dubulg‘a” (Grand Slam) seriyasida 6 ta chempionlik hamda Masters musobaqalarida 3 ta sovrinli o‘rin bor.

O‘zbekistonlik mutaxassisning ushbu tayinlovi milliy dzyudo maktabining barqaror muvaffaqiyatlari fonida amalga oshdi. Avvalroq O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 18 ta medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagandi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling