Toshkentda sportchilar va ekstremal sport hamjamiyati vakillari «Ko‘k gumbazlar» bog‘ida obodonlashtirish ishlari jarayonida demontaj qilingan skeyt maydonchasini tiklashni so‘rab, rasmiylarga murojaat qildi. 20-yanvar kuni velosipedchilar, rolikchilar va skeyterlar video murojaat e’lon qildi.
Ularning aytishicha, ushbu maydoncha ko‘p yillar davomida shahar ekstremal madaniyatining muhim markazi bo‘lib kelgan. Bu yerda mashg‘ulotlar, havaskor musobaqalar va homiylar ishtirokidagi tadbirlar o‘tkazilgan, rampalar esa sportchilarning o‘zi hisobidan ta’mirlanib, parvarishlab kelingan.
«Bu yerda butun bir hamjamiyat shakllandi. Biz bu maskanga vaqtimizni, kuchimizni va mablag‘imizni sarfladik. Hozir esa rampalar buzib tashlandi, hudud beton bilan qoplandi, ammo bu yerda nima va qaysi asosda qurilishi rejalashtirilayotgani bizga tushuntirilgani yo‘q», — deyiladi murojaatda. Sportchilar, shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan sport hududlarini xususiylashtirishni taqiqlovchi norma kuchga kirganini eslatib, olib borilayotgan ishlarning qonuniyligini tekshirishni so‘ramoqda.
Maydoncha bilan bog‘liq muammolar 2024-yildayoq boshlangan. O‘shanda hududning bir qismini bolalar attraksionlari egallagan. Yakkasaroy tumani hokimiyati ularni o‘rnatishga ruxsat bermaganini bildirgan bo‘lsa-da, riderlar ta’kidlashicha, masala oxirigacha hal etilmagan. Vaqt o‘tishi bilan skeyt-parktan bir-biriga juda yaqin joylashgan bir nechta rampagina qolgan.
Sportchilarning so‘zlariga ko‘ra, maydonchaning so‘nggi elementlari oktyabr oyida demontaj qilingan. Shundan so‘ng hududda maxsus texnika ishlagan, kommunikatsiyalar yotqizilgan va yer sathi sezilarli darajada ko‘tarilgan. Riderlar fikricha, bu jarayonlar to‘laqonli yangi skeyt-park qurilishiga tayyorgarlikka o‘xshamagan.
Maydoncha yopilgach, hamjamiyatning asosiy qismi Anhor bo‘yidagi ko‘prik ostida joylashgan skeyt-parkka ko‘chishga majbur bo‘lgan. Biroq sportchilar buni hudud torligi va velosipedchilar uchun noqulayligi sababli vaqtinchalik yechim deb atamoqda.
Muvaffaqiyatli loyiha namunasi sifatida ular «Yangi O‘zbekiston» bog‘i yonidagi Olimpiya shaharchasi hududida barpo etilgan yangi skeyt-parkni keltiradi. U zamonaviy va sifatli deya baholanmoqda, biroq shahar markazidan uzoqligi sabab hamma uchun ham qulay emasligi qayd etilmoqda.
Jamoatchilik rezonansidan so‘ng shahar hokimiyati matbuot xizmati eski maydoncha o‘rnida yangi skeyt-zona qurilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, hududda pullik padel-tennis korti ham barpo etiladi. Skeyt-park bepul bo‘lib qoladi, biroq uning maydoni avvalgidan kichikroq bo‘ladi.
Sportchilar asosiy muammo jamoat hududlarining taqdiri bo‘yicha qarorlar qabul qilinayotganda shahar aholisi bilan muloqot yetishmasligida ekanini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, hududdan real foydalanuvchilar bilan muhokama olib borish tijorat loyihalari va shahar hamjamiyati manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni saqlab qolishga yordam bergan bo‘lardi.