O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish choralari bilan tanishdi. Uchrashuvda agrar sohadan “soya”ni chiqarish va fermer hamda dehqonlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi: paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, oziq-ovqat ekinlariga yo‘naltirildi, 160 ming gektar bog‘ va uzumzorlar barpo etildi, 1 milliard dollarlik 1,5 ming loyiha hayotga tatbiq qilindi. Shunga qaramay, mahsulotlarning muayyan qismi hanuz rasmiy hisobotlarda aks etmayapti.
Bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlari savdosida QQS stavkasi 12 foizni tashkil etadi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab fermer va dehqonlar o‘zlari yetishtirgan sabzavot, meva, go‘sht, sut, tuxum va boshqa mahsulotlarni (paxta va g‘alladan tashqari) QQSsiz sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bunda urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport va elektr energiyasi uchun to‘langan QQSni qaytarib olish imkoniyati saqlab qolinadi. Hisoblarga ko‘ra, yiliga qariyb 300 mlrd so‘m tejaladi, yana 400 mlrd so‘mni fermerlar yangi imtiyoz orqali qaytarib olishlari mumkin bo‘ladi.
Mazkur choralar sohaga shaffoflikni olib kirish, yirik plantatsiyalarni kengaytirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirishga xizmat qiladi. Prezident mas’ul idoralarga yangi tartibni tushuntirish va samarali joriy etishni topshirdi.