8-yanvardan boshlab O‘zbekistonda avtomobil gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (AGNKS) qisqartirilgan ish jadvalida — soat 10:00 dan 16:00 gacha faoliyat yuritadi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlikka ko‘ra, vaqtinchalik choralar magistral gaz quvurlarida bosimning pasaygani bilan bog‘liq. Bosim past bo‘lgan sharoitda tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlashda ustuvorlik aholi uy-joylari, jamoat transporti va ijtimoiy soha obyektlariga beriladi.
Metan zapravkalarining ishlashi mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-jadvallar asosida — gaz ta’minoti holati, bosim darajasi va iste’mol hajmlarini inobatga olgan holda cheklanadi. Farg‘ona vodiysida — Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida — AGNKSlar ish rejimi hokimliklar bilan kelishilgan holda va gazning amaldagi bosimiga qarab belgilanadi.
Energetika vazirligida ta’kidlanishicha, cheklovlar vaqtinchalik xarakterga ega. Hozirda gaz transport tizimidagi bosimni normallashtirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Avvalroq, 11-dekabr kuni ham vazirlik gaz zapravkalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etgan edi. Bunga turar joylar va ijtimoiy obyektlarda bosim pasayishining oldini olish zarurati sabab bo‘lgan. O‘shanda cheklovlarga Turkmaniston gaz transport tizimidagi texnik nosozlik tufayli import hajmlarining qisqargani sabab sifatida ko‘rsatilgan. So‘nggi kunlarda AGNKSlar kuniga bir necha soatgina ishlagan, biroq 30-dekabrdan boshlab yana sutkalik rejimga o‘tgandi.
Energetika vaziri Jurabek Mirzamaxmudov avvalroq avariya oqibatida sutkasiga qariyb 6 mln kub metr gaz taqchilligi yuzaga kelganini, shu bilan birga yer osti gaz omborlaridan kuniga 42 mln kub metrgacha gaz olinayotganini bildirgan.
O‘zbekiston tabiiy gazni Rossiya va Turkmanistondan import qiladi. So‘nggi 11 oyda import hajmi 1,5 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,2 foizga kamaygan. Shu bilan birga, noyabr oyida import 334,3 mln dollarga yetib, bir yil avvalgiga nisbatan 1,8 baravarga oshgan. Noyabr oyida gaz eksporti esa 55,9 mln dollarga yetib, yillik hisobda 5,5 foizga ko‘paygan.