Yangiliklar
30.12.25
7649

O‘zbekistonda gaz zapravkalari sutka davomida ishlash tartibiga qaytmoqda

Energetika vazirligi xabar berishicha, 30 dekabrdan boshlab O‘zbekistonda gaz zapravkalari vaqtinchalik cheklovlardan so‘ng yana sutka davomida ishlashni qayta tiklaydi.

O‘zbekiston bo‘ylab metanli avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari 30 dekabr kuni soat 09:00 dan boshlab yana sutka davomida ishlash tartibiga o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlikda ta’kidlanishicha, avtomobil egalari kunning istalgan vaqtida, jumladan tungi soatlarda ham yoqilg‘i quyish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa navbatlarning oldini olish va zapravkalarga tushayotgan yuklamani kamaytirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tilishicha, AYoQShlar faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar 11 dekabrdan joriy etilgan edi. O‘shanda Energetika vazirligi bu chora vaqtinchalik ekanini va Turkmaniston gaz transport tizimidagi texnik nosozlik sabab import qilinayotgan gaz hajmining kamayishi bilan bog‘liqligini bildirgan. Ushbu davrda ayrim hududlarda zapravkalar kuniga atigi bir necha soat ishlagan.

Energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudovning avvalroq ma’lum qilishicha, avariya oqibatida sutkasiga qariyb 6 mln kub metr gaz taqchilligi yuzaga kelgan. Aholi va ijtimoiy obyektlar ehtiyojini qoplash uchun yer osti gaz omborlaridan kuniga 42 mln kub metrgacha gaz olinib kelingan.

O‘zbekiston tabiiy gazni Rossiya va Turkmanistondan import qiladi. Joriy yilning 11 oyi yakunlariga ko‘ra, gaz importi hajmi 1,5 mlrd dollarni tashkil etib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,2 foizga kamdir. Shu bilan birga, noyabr oyida gaz importi keskin oshib, 334,3 mln dollarga yetdi, bu esa yillik hisobda 1,8 barobar ko‘p. Noyabr oyida gaz eksporti 55,9 mln dollarni tashkil etib, 5,5 foizga oshgan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling