Hilola Umarova Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida yana rahbarlik lavozimiga tayinlandi. U pedagogik ta’limni rivojlantirish masalalariga mas’ul vazir o‘rinbosari lavozimini egalladi.
Shu bilan birga, Umarova Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori etib tayinlandi. U vazir o‘rinbosari va oliygoh rektori lavozimlarini birgalikda olib boradi.
Uning so‘nggi yillardagi faoliyati ta’lim sohasidagi islohotlar bilan chambarchas bog‘liq. 2022–2025-yillarda u Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga rahbarlik qilgan. O‘tgan yil iyul oyida esa Prezident Administratsiyasiga ishga o‘tib, ta’lim islohotlarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullangan. Avvalroq Umarova Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligiga ham rahbarlik qilgan.
Prezident Administratsiyasida ta’lim sohasini isloh qilish masalalari bo‘yicha rahbar o‘rinbosari lavozimini Ilkhom Sirajev egalladi. U mazkur tuzilmada loyiha koordinatori sifatida faoliyat yuritib kelgan.