Raqobat qo‘mitasi quruvchilarga ogohlantirish berdi: uy-joy xaridorlaridan shartnomani bekor qilganlik uchun jarima undirish qonunga zid.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning sakkiz oyida qurilish sohasidagi qonunbuzarliklar yuzasidan qariyb mingta murojaat kelib tushgan. Eng ko‘p shikoyatlar uylarni topshirishdagi kechikishlar, shartnoma shartlarining bajarilmasligi va e’lon qilingan ko‘rsatkichlarga mos kelmasligi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Shartnomalar tahlili jarayonida ayrim quruvchilar mijoz tashabbusi bilan kelishuv bekor qilinganda to‘langan mablag‘ning 10 foizigacha ushlab qolish huquqini belgilab qo‘yayotgani aniqlandi.
Qo‘mita eslatib o‘tdi: Fuqarolik kodeksining 385-moddasiga ko‘ra, zarar qoplanishi faqat isbotlangan holatda mumkin. Ko‘chmas mulk bo‘yicha bunday zarar mavjud emas, chunki uy-joyni boshqa xaridorga, ko‘pincha yanada yuqori narxda sotish imkoni mavjud.
Bundan tashqari, mablag‘ni ushlab qolishni penya sifatida ham baholab bo‘lmaydi, chunki obyekt topshirilmaguniga qadar shartnoma bo‘yicha qarzdor tomon quruvchining o‘zi hisoblanadi. Shuningdek, iste’molchilar huquqlarini cheklovchi shartlar “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra haqiqiy emas deb topiladi.
Yil boshidan buyon Qo‘mita sakkizta shunday shartnomani bekor qildirdi va fuqarolarga 1,5 milliard so‘m qaytarilishiga erishdi.