Yangiliklar
24.02.26
7607

Sankt-Peterburgda bolani qutqargan o‘zbekistonlik “Jasorat” medali bilan taqdirlandi

Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburgda 7-qavatdan yiqilgan bolani qutqargan Xayrullo Ibadullayevni “Jasorat” medali bilan taqdirladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburgda ishlayotgan Xayrullo Saydullayevich Ibadullayevni “Jasorat” medali bilan taqdirladi. Mukofot 7-qavatdan yiqilgan yetti yoshli bolani qutqargani uchun berildi.

Davlat rahbari farmonida Ibadullayev favqulodda vaziyatda o‘z hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib, mardlik va fidoyilik ko‘rsatgani qayd etilgan. Uning sa’y-harakatlari tufayli bolaning yiqilishi yumshatilgan va hayoti saqlab qolingan.

Hodisa 22-fevral kuni Sankt-Peterburg shahrining Petrozavodskaya ko‘chasidagi turar joy binolaridan birida yuz bergan. Bolani qutqarish chog‘ida erkak qo‘lidan jarohat olgan. Rossiya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, uy aholisi uni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mablag‘ yig‘gan va uni mas’uliyatli hamda kamtar inson sifatida ta’riflagan.

Xayrullo Ibadullayev taxminan to‘rt oy avval ishlash uchun Rossiyaga borgan. O‘zbekistonda uni to‘rt nafar farzandi va ota-onasi kutmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling