Dushanba kuni, 22 dekabrda O‘zbekiston bo‘ylab barcha metan yoqilg‘i quyish shoxobchalari soat 10:00 dan 16:00 gacha ishlaydi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ayrim hududlarda AGNKShlar belgilangan vaqtdan kam ishlayotgani yoki umuman yopilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Energetika vazirligida eslatilishicha, 12 dekabrdan Toshkent shahri va hududlarda metan zapravkalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan bo‘lib, ular kamida kuniga 12 soat ishlashi belgilangan. Biroq amalda ushbu jadval hamma joyda bir xil bajarilmagan.
Vazirlik izohiga ko‘ra, cheklovlar Turkmaniston gaz transport tizimidagi texnik nosozlik sabab import qilinayotgan gaz hajmining qisqarishi bilan bog‘liq. Ushbu choralar aholi va ijtimoiy obyektlarni barqaror gaz bilan ta’minlash maqsadida majburiy va vaqtinchalik ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, zapravkalarning aniq ish rejimi mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlanishi va “Hududgazta’minot” kompaniyasining hududiy bo‘linmalari rasmiy kanallarida e’lon qilinishi ma’lum qilindi.
Bir yil avval Energetika vazirligi benzin, gaz va elektr zapravkalari ish jadvali aks etgan Avto24 ilovasi ishga tushirilganini ma’lum qilgan edi. Biroq avval xabar qilingandek, mazkur servis hozircha cheklangan tartibda faoliyat yuritmoqda.