2-fevraldan boshlab O‘zbekistonda avtotransport uchun gaz to‘ldiruvchi kompressor stansiyalari (AGNKSlari) 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan ish rejimiga qaytadi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Metan zapravkalari faoliyati qariyb ikki hafta davomida havo haroratining keskin pasayishi va gaz transporti tizimiga tushgan yuklamaning ortishi sabab cheklangan edi. Vazirlik avvalroq ob-havo sharoitlari iliqlashishi bilan cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilinishini ma’lum qilgan.
Farg‘ona vodiysida AGNKSlari ish rejimi avvalgidek farq qilishi mumkin. Ularning ishlash vaqti mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda belgilanadi va tarmoqdagi gaz bosimi darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Yanvar oyining oxirida Farg‘onada gaz ta’minotidagi uzilishlar sabab jamoat transporti harakati vaqtincha to‘xtatilgan edi.
Energetika vazirligida ta’kidlanishicha, jamoat transporti, maxsus texnika hamda ijtimoiy soha obyektlari uchun gaz yetkazib berish cheklovlarsiz ta’minlanadi.