Yangiliklar
28.08.25
7135

O‘zbekiston TIV eslatdi: fuqarolar mamlakat hududidan tashqarida ham davlat himoyasidadir

O‘zbekiston TIV ta’kidlashicha, fuqarolar joylashgan manzilidan qat’i nazar davlat himoyasida. Bayonotga Ximkidagi taksichining haqoratlanishi sabab bo‘ldi.

Moskva viloyatining Ximki shahrida o‘zbekistonlik taksichi ishtirokida mojaro yuz berdi. «TRT на русском» Telegram-kanalida e’lon qilingan videoda mahalliy fuqaro haydovchini haqoratlab, «Sen ruslarning qulisan! O‘zbekistonda hech narsa topolmading — bizga kelding», deb baqirayotgani aks etgan.

Guvohlarning aytishicha, kelishmovchilik taksi mashinasi chiqindi mashinasiga yo‘l berishni kutib, hovliga kirishni qisqa muddat to‘sib qo‘ygani uchun kelib chiqqan. Taksichi vaziyatni yumshatishga urinib, erkakni tinchlantirishni so‘ragan, so‘ngra mashinaga o‘tirib, voqea joyidan ketgan.

Rolik tarqalganidan so‘ng O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘zining Telegram-kanalida bayonot e’lon qildi. Unda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston fuqarolari mamlakat hududidan tashqarida ham davlat himoyasidadir.

TIV qayd etishicha, bu huquq Konstitutsiya, milliy qonunlar va xalqaro normalarda mustahkamlab qo‘yilgan. Fuqarolarning huquq va qadr-qimmati xorijda poymol etilgan taqdirda, ular o‘sha davlatning tegishli organlariga, shuningdek O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsulliklariga murojaat qilishi kerak.

Vazirlik alohida urg‘ulaganidek, xorijdagi fuqarolarni himoya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, u davlatning o‘z fuqarolari oldidagi majburiyatlariga asoslanadi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling