O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi avtomobilda haydovchi va yo‘lovchilarga xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat etiladigan kasalliklar va holatlar ro‘yxatini tasdiqladi. Tegishli buyruq sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan imzolandi.
Hujjatning yakuniy tahririda ro‘yxat 20 bandgacha kengaytirildi. 2025 yil 14 noyabrgacha muhokama qilingan loyihadan farqli ravishda, homiladorlik ro‘yxatdan chiqarildi. Uning o‘rniga ayrim turdagi jarrohlik amaliyotlari kiritildi, shuningdek yurak-qon tomir kasalliklari va implantlar bo‘yicha atamalar aniqlashtirildi.
Tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra, quyidagi kasalliklar va holatlarda xavfsizlik kamarini taqmaslikka yo‘l qo‘yiladi:
— o‘mrov suyagi, to‘sh suyagi, qovurg‘alar va yelka kamari suyaklarining sinishi;
— chap o‘mrov suyagining chiqishi yoki sinishi bilan bog‘liq operatsiyalar, jumladan soxta bo‘g‘im holatlari;
— umurtqa pog‘onasining kompression sinishi;
— o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi IV bosqichi;
— bronxial astma IV bosqichi;
— o‘pkaning interstitsial zararlanishlari (fibroz va boshqalar);
— o‘pkaning bir qismi yoki to‘liq olib tashlanishi;
— surunkali yurak yetishmovchiligining III bosqichi va dekompensatsiya holati;
— og‘ir yurak-qon tomir kasalliklari (infarkt, ishemiya va boshqalar);
— III darajali semizlik (TMI 40 va undan yuqori);
— bo‘yi 150 sm dan past bo‘lishi;
— qo‘l yoki yelka harakatlari cheklanishi bilan kechuvchi nevrologik kasalliklar;
— ko‘krak qafasi sohasidagi og‘ir allergik va dermatologik kasalliklar;
— o‘mrov suyagi, yelka, kurak, to‘sh suyagi va qovurg‘alar sohasida ichki yoki tashqi implantlar mavjudligi;
— ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘ida ochiq jarrohlik amaliyotlari;
— stoma mavjudligi;
— ko‘krak qafasi sohasidagi yirik o‘smalar.
Xavfsizlik kamarini taqmaslik huquqini tasdiqlash uchun “Elektron sog‘liqni saqlash” tizimi orqali QR-kodli tibbiy ma’lumotnoma olish talab etiladi. Hujjatni yashash joyidagi poliklinikada, davlat tibbiyot muassasasida yoki xususiy klinika xulosasi asosida rasmiylashtirish mumkin.
Bo‘yi past bo‘lgan shaxslar va o‘pkasi olib tashlangan fuqarolarga ma’lumotnoma muddatsiz beriladi. Vaqtinchalik jarohatlar bo‘yicha hujjat 2 oydan 1 yilgacha amal qiladi. Qolgan kasalliklar uchun ma’lumotnoma bir yil muddatga beriladi.
2025 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekistonda xavfsizlik kamarini taqmaganlik uchun jarima miqdori 206 ming so‘mni tashkil etadi.