11 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini, shuningdek, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini muhokama qildilar.
Alohida e’tibor savdo hajmining o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, energetika va sanoat sohalaridagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish, ikki davlat hududlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi.
Liderlar 22 oktabr kuni Moskva viloyatida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Rossiya hududlar kengashi yig‘ilishining muvaffaqiyatli natijalarini qayd etib, 3 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va qo‘shma biznes-forumning ahamiyatini ta’kidladilar.
Shuningdek, prezidentlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar hamda kelgusi uchrashuvlar jadvalini kelishib oldilar.