O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayollar va bolarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashni kuchaytirish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslar yoki mamlakatni tark etadi, yoki qonun oldida qat’iy javobgarlikka tortiladi.
Bu haqda davlat rahbari 7 mart kuni Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda ma’lum qilgan. Prezident ta’kidlashicha, mamlakatda zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz siyosat shakllantirilmoqda.
“Ayollarga bosim o‘tkazadigan yoki ularga va bolalarga qo‘l ko‘targanlar endi O‘zbekistondan ketadi yoki qonun asosida yashaydi”, — dedi u.
Shuningdek, Mirziyoyev yaqinda imzolangan farmonda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilishi ko‘zda tutilganini bildirgan. Xususan, bunday jinoyatlarni takroran sodir etganlar umrbod qamoq jazosiga tortilishi taklif etilmoqda.
Prezidentning aytishicha, ko‘plab yuristlar bunday choraga qarshi chiqqan, ammo u bu chorani joriy etishni talab qilgan va bolalarni himoya qilish uchun qat’iy huquqiy tizim zarurligini ta’kidlagan.
Shuningdek, davlat rahbari qamoqxonadagi ayollarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish masalasini ham ko‘targan. Hozirgi vaqtda jazoni o‘tayotgan 2589 ayol bor, ularning ko‘pchiligi o‘rta ma’lumot yoki kasb-hunarga ega emas.
Bunday mahkumlarni qo‘llab-quvvatlash uchun «Yangi hayot» dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida ayollar uch yoki olti oylik kasbiy tayyorgarlik kurslarini o‘tashlari va sertifikat olishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, masofaviy ta’lim uchun sharoitlar yaratish rejalashtirilgan: mahkumlar imtihon topshirishi, oliy ta’lim muassasalariga kirishi va ta’lim olishi mumkin bo‘ladi. Pullik asosda qabul qilinganlar uchun esa davlat qamoqdan chiqarilgach va ishga joylashgach qaytarilishi mumkin bo‘lgan foizsiz kreditlar taqdim etadi.
Alohida, femitsid, familiytsid, stalkerlik, kiberzo‘ravonlik va onlayn grooming kabi jinoyat turlariga javobgarlikni kuchaytirish orqali qonunchilikni mustahkamlash rejalashtirilmoqda.