O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 fevral kuni ko‘mir va uran sanoatini rivojlantirish strategiyasiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi. Unda resurslar qazib olish hajmini oshirish hamda ularni energetika va kimyo tarmoqlari ehtiyojlari uchun chuqur qayta ishlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.
2025–2026 yilgi kuz-qish mavsumida mamlakatda 10 mln tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 1,3 mln tonnaga ko‘pdir. Hozirga qadar qariyb 9 mln tonna yoqilg‘i qazib olindi. Keyingi mavsumda esa ko‘mir qazib olish hajmini 11 mln tonnagacha yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Mazkur maqsadlarga erishishda xususiy sektorni keng jalb etishga alohida e’tibor qaratiladi. Autsorsing va tadbirkorlar ishtiroki hisobiga 2026 yilda qo‘shimcha 2,5 mln tonna ko‘mir qazib olish ko‘zda tutilmoqda. Asosiy loyihalardan biri sifatida Angrendagi “Nishbosh” konini o‘zlashtirish belgilandi. Ushbu loyiha uchun qariyb 500 mln dollar investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Kon zaxiralari 233 mln tonnaga baholanmoqda, qazib olish ishlari 2026 yilda boshlanib, keyinchalik yillik quvvat 10 mln tonnagacha oshiriladi.
Shuningdek, ko‘mirni kimyoviy qayta ishlash asosida polimer mahsulotlari ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi “O‘zkimyosanoat”ning yirik loyihasi taqdim etildi. Loyiha qiymati 5 mlrd dollarga baholanmoqda. Korxona yiliga 8–9 mln tonna ko‘mirni qayta ishlab, 1,18 mln tonnagacha polimer mahsulotlari ishlab chiqarishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston uran bo‘yicha ham jahon bozoridagi pozitsiyalarini mustahkamlab bormoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, uran qazib olish hajmi 7 ming tonnani tashkil etdi, tasdiqlangan zaxiralar esa 139 ming tonnaga yetdi. 2026 yilda “Arnasoy”, “G‘arbiy Qizilqum”, “Janubiy Jongeldi” va “Sharqiy Agron” konlarini o‘zlashtirish ishlari boshlanadi.
Qazib olish hajmlarining oshishi munosabati bilan Prezident qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish, shuningdek, texnologik jarayonlar uchun zarur bo‘lgan oltingugurt kislotasi va texnik oltingugurt bilan barqaror ta’minotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berdi.