Yangiliklar
06.02.26
7393

Mirziyoyevga Pokiston universiteti tomonidan faxriy doktor va professor unvonlari berildi

Shavkat Mirziyoyev Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universiteti tomonidan faxriy doktor va professor unvoniga sazovor bo‘ldi. Sertifikatni bosh vazir Shahboz Sharif topshirdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Pokistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri — Milliy fan va texnologiyalar universiteti tomonidan faxriy doktor va professor unvonlari berildi.

Tantanali marosim 5 fevral kuni Islomobodda Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi. Prezidentning faxriy unvonlari sertifikatini Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif topshirdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyevga ushbu e’tirof mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va ta’lim islohotlariga, barqaror modernizatsiyasiga, fan va texnologiyalarni rivojlantirishga, shuningdek, xalqaro hamkorlik va akademik aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun berilgan.

Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universiteti 1991 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatning asosiy ilmiy-ta’lim markazlaridan biri hisoblanadi. Universitet tadqiqot va innovatsion faoliyatni, magistr va doktorant tayyorlashni, shuningdek, iqtisodiyot va sanoat ehtiyojlariga yo‘naltirilgan amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishni birlashtiradi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling