Oliy Majlis Senati 2025 yilda Respublika mulkiy zararlarni qoplash maqsadli jamg‘armasiga yo‘naltirilgan qo‘shimcha 150 mlrd so‘m mablag‘larni taqsimlash masalasini ko‘rib chiqdi. Natijada jamg‘armaning umumiy byudjeti 550 mlrd so‘mdan 700 mlrd so‘mgacha oshirildi. 18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda senatorlar ayrim hududlarda yer uchastkalarini olib qo‘yish va mol-mulkni buzish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari hanuz kechiktirilayotganini qayd etdi.
Senator Sayyora Abdikarimova mablag‘lar mavjud bo‘lishiga qaramay, ayrim hududlarda kompensatsiyalar to‘liq yoki o‘z vaqtida to‘lanmayotgan holatlar uchrayotganiga e’tibor qaratdi. U jamg‘arma byudjetining oshirilishi mavjud qarzdorliklarning qanchasini qoplaydi va to‘lovlarni to‘liq tartibga solish uchun qanday choralar ko‘rilayotganiga izoh berishni so‘radi.
O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakili Ruslanbek Mamanovning ma’lum qilishicha, jamg‘arma mablag‘lari faqat Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida sarflanadi va asosan yirik infratuzilma loyihalari doirasidagi kompensatsiyalar uchun yo‘naltiriladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shimcha 150 mlrd so‘m quyidagicha taqsimlangan:
— 68 mlrd so‘m — Abu-Dabi Taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Samarqand viloyatida yo‘llar, ko‘priklar va tonnellarni qurish hamda rekonstruksiya qilishga;
— 58 mlrd so‘m — Termiz shahrida 4R23 avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish va yangi yo‘l qurilishiga;
— 67 mlrd so‘m — poytaxtni «Yangi Toshkent» loyihasi bilan bog‘lovchi yo‘llar va yo‘l o‘tkazgich qurilishiga.
Mamanov ta’kidlashicha, respublika jamg‘armasida qarzdorlik yuzaga kelmaydi, chunki hududiy jamg‘armalarga mablag‘lar faqat mulk egalari bilan to‘liq kelishuvga erishilgandan so‘ng o‘tkaziladi. Kechikishlar esa, asosan, mulk egalari va mahalliy hokimliklar o‘rtasidagi sud nizolari bilan bog‘liq.
U misol tariqasida 2025 yilda quyidagi qarzdorliklar yopilganini aytdi: Xorazm viloyatida 10 mlrd so‘m, Qashqadaryo viloyatida 4 mlrd so‘m va Toshkent shahrida 90 mlrd so‘m. Qolgan masalalar sud qarorlari qonuniy kuchga kirgach hal etilishi qayd etildi.
Shuningdek, byudjet qonunchiligiga kompensatsiya bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lgan taqdirda, mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha daromadlarini boshqa maqsadlarga yo‘naltirishni taqiqlovchi norma kiritilgani eslatib o‘tildi. To‘lovlar ustidan nazorat elektron tizim hamda maxsus hududiy komissiyalar orqali amalga oshirilmoqda.