Yangiliklar
23.10.25
7620

Yangi Shota Rustaveli — muvaffaqiyatsiz loyiha yoki rivoj yo‘lida qadammi? Urbanistlar ko‘cha rekonstruksiyasini tanqid qildi

Mutaxassislar fikricha, Toshkentdagi Shota Rustaveli ko‘chasida qurilgan veloyo‘laklar va BRT tizimi bilan bog‘liq rekonstruksiya loyihasi qayta ko‘rib chiqilishi kerak. U qulaylik o‘rniga yangi xavf va noqulayliklarni yuzaga keltirgan.

Toshkentdagi Shota Rustaveli ko‘chasining rekonstruksiyasi — unda yangi veloyo‘laklar va tezkor avtobus transporti (BRT) uchun ajratilgan yo‘nalish paydo bo‘ldi — urbanistlar va velosipedchilar tomonidan keskin tanqidga uchradi. Mutaxassislar loyihani jiddiy qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytmoqda: qulaylik va xavfsizlik o‘rniga yangi muammolar yuzaga kelgan.

Professor Jamshid Sodikov GPS va sensorlar yordamida veloyo‘lakdagi harakat qulayligi va qoplama sifatini o‘rgandi. U yangi infratuzilmaning juda noqulay chiqganini ta’kidladi:

“Har bir hovli yoki yon ko‘chadan chiqishda veloyo‘lak keskin pastga tushadi, so‘ng yana ko‘tariladi. Natijada velosipedchilar tez-tez sekinlashishga majbur bo‘lishadi va zarbalarni his qilishadi”, — deb yozadi ekspert.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, eng katta notekisliklar aynan yon yo‘laklarda, avtobus platformalari va lyuklar atrofida kuzatilgan. Bu nafaqat noqulaylik, balki xavf tug‘diradi.

Sodikov bir qator takliflar berdi:

  • veloyo‘lakni uzluksiz va tekis holatga keltirish, avtomobillarni esa yo‘lakni kesib o‘tganda biroz ko‘tarish;

  • balandlik farqini 5 mm dan oshirmaslik;

  • lyuk va panjaralarni harakat yo‘nalishidan tashqariga chiqarish;

  • har oyda qoplama uchun texnik xizmat va sifat nazoratini joriy etish.

U ishlab chiqqan audit tizimini butun mamlakat bo‘ylab ko‘cha sifati baholovchi ochiq protokol sifatida joriy etish rejalashtirilganini qayd etdi.

Urbanist Iskandar Soliyev ham tanqid bilan chiqdi. Uning fikricha, BRT g‘oyasi to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam bo‘lsa-da, Toshkentdagi amalga oshirish jarayoni dastlabki konsepsiyadan jiddiy og‘gan.

“Bu muhim tajriba, ammo xatolarni tan olib tahlil qilish kerak. Agar bu modelni boshqa shaharlarga aynan shunday ko‘chirsak, muammolar butun mamlakat bo‘ylab takrorlanadi”, — dedi Soliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning asosiy kamchiliklari — piyodalarga ustuvorlik yo‘qligi, xavfsizlik orolchalarisiz toraygan chorrahalar, bekatlarga noqulay kirish va asossiz chap burilish taqiqlari.

Velo-infratuzilma masalasiga to‘xtalar ekan, Soliyev shunday dedi:

“Ko‘tarilgan veloyo‘lak — bu himoya emas, to‘siq. Haqiqiy xavfsizlik yo‘l sathi bilan bir tekis, ammo transportdan jismonan ajratilgan yo‘lakda ta’minlanadi.”

Mutaxassislar fikricha, Shota Rustaveli ko‘chasi tajriba loyihasi sifatida ko‘rilishi kerak. U ochiq tahlil va tuzatishlardan so‘nggina boshqa ko‘chalarga tatbiq etilishi lozim.

“Agar xatolarni halol tahlil qilmasak, keyinchalik butun mamlakat bo‘ylab noto‘g‘ri andozani ko‘paytiramiz,” — deya xulosa qildi Soliyev.

Avvalroq ma’lum qilinishicha, BRT tizimining intellektual yo‘nalishlari Shahrisabz, Amir Temur, Yangi Sergeli, Maxtumquli, Mirzo Ulug‘bek, Feruza, Yuzrabot, Lutfi, Muqimiy, Nurofshon, Qoratosh, Ko‘kcha Darvoza, Kichik halqa va Parkent ko‘chalarida ham joriy etilishi rejalashtirilgan.

Tanqidlarga qaramay, shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, Shota Rustaveli ko‘chasida yo‘lovchi oqimi 2,5 mingdan 6 ming kishigacha oshgan, o‘rtacha harakat tezligi esa 23 km/soatdan 30 km/soatgacha ko‘tarilgan. Loyiha umumiy qiymati 19,2 million dollarni tashkil etgan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling