O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Italiyaning yangi elchisi Guido de Sanctisdan ishonchnoma nusxalarini qabul qildi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari, xususan savdo-investitsiya va iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, ikki mamlakat biznes doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va aloqalarni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Avvalroq yangi elchi siyosiy muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy, ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, biznes va fuqarolar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga, jumladan “Italiya – Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasida ishlashni maqsad qilganini bildirgan edi. U o‘zining diplomatik missiyasi doirasida Tojikistonda ham akkreditatsiyadan o‘tishini qayd etdi.
Guido de Sanctis Rimdagi LUISS universiteti Siyosatshunoslik fakultetini tamomlagan va 1991 yilda diplomatik xizmatga kirgan. Turli yillarda u Italiya elchixonalari Liviya, Ukraina, Shveytsariya va Rossiyada, shuningdek, Italiya TIV markaziy apparatida ishlagan. U Qatar elchisi lavozimida faoliyat yuritgan, Albaniyada YEOK missiyasining koordinatori bo‘lgan va Italiya mudofaa vazirining diplomatik maslahatchisi sifatida ishlagan. Toshkentdagi faoliyatini u 5 yanvar kuni boshladi.
Eslatib o‘tamiz, dekabr oyining o‘rtalaridan boshlab Toshkentdagi Italiya elchixonasida fuqarolarni qabul qilish, jumladan konsullik va vizalar bo‘limi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Buning sababini diplomatik binoning texnik holati bilan bog‘liq favqulodda holat deb izohlashgan. Qabul qayta tiklanishi haqida qo‘shimcha xabar beriladi.