Yangiliklar
20.02.26
7560

O‘zbekistonning birinchi kosmonavti ochiq tanlov orqali saralanadi

“Uzbekkosmos” mamlakatning ilk kosmonavtini saralash bo‘yicha ochiq tanlov o‘tkazadi. 10–14 kunlik parvoz xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

“Uzbekkosmos” agentligi mamlakat tarixida ilk bor kosmosga parvoz qiladigan nomzodni saralash bo‘yicha umumrespublika ochiq tanlov e’lon qildi. Tanlovda belgilangan talablarga javob beradigan fuqarolar — talabalar ham, amaldagi mutaxassislar ham ishtirok etishi mumkin.

Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali efirida agentlik direktor o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, saralash qat’iy mezonlar asosida tanlov shaklida o‘tkaziladi. Nomzodlar sog‘lig‘i, jismoniy tayyorgarligi, ilmiy salohiyati va xorijiy tillarni bilish darajasi bo‘yicha kompleks tekshiruvdan o‘tadi. Tanlovning batafsil shartlari va muddatlari qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi.

Ayni paytda kosmik sohaning texnik bazasini rivojlantirish ishlari ham davom etmoqda. Davlat rahbariga Yerning masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshlari maketlari taqdim etildi. Unda apparatlarning konstruksiyasi, quyosh panellari ishlashi va orbitadagi faoliyati namoyish qilindi.

Shuningdek, Yaponiyaning Kyushu texnologiya institutida O‘zbekistondan yetti nafar talaba birinchi milliy ilmiy sun’iy yo‘ldoshni yaratish ustida ishlamoqda.

16-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev mamlakatning ilk kosmonavtini tayyorlash rejalari bilan tanishdi. Dastlabki dasturga ko‘ra, xalqaro hamkorlik doirasida 10–14 kunlik qisqa muddatli parvoz amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling