Yangiliklar
03.02.26
7629

Aviator savdo-ko‘ngilochar markazidagi yong‘indan so‘ng O‘zbekiston bo‘ylab odamlar ommaviy to‘planadigan obyektlarda tekshiruvlar boshlandi

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Aviator savdo-ko‘ngilochar markazidagi yong‘indan so‘ng savdo markazlarida tekshiruvlarni boshladi. Yong‘in xavfsizligi talablarining qo‘pol buzilishi aniqlansa, obyektlar faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.

Aviator savdo-ko‘ngilochar markazida sodir bo‘lgan fojiali yong‘indan so‘ng O‘zbekiston bo‘ylab odamlar ommaviy to‘planadigan shunga o‘xshash obyektlarda yong‘in xavfsizligi talablari bajarilishi yuzasidan tekshiruvlar boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi. Qayd etilishicha, qo‘pol qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda obyektlar faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.

Vazirlikda eslatilishicha, yong‘in xavfsizligi me’yorlariga rioya etish uchun to‘liq mas’uliyat savdo majmualari, savdo-ko‘ngilochar markazlar, umumiy ovqatlanish hamda maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari rahbarlari zimmasiga yuklatilgan. Shu munosabat bilan FVVning boshqarmalaridan biri rahbari Odil Quldashev murojaat bilan chiqdi.

Uning ta’kidlashicha, evakuatsiya chiqish yo‘laklari doim ochiq va soz holatda bo‘lishi, binolar esa yetarli miqdorda ishlaydigan yong‘in o‘chirish vositalari va signalizatsiya tizimlari bilan ta’minlanishi lozim. Ushbu tizimlarning ishga yaroqliligi muntazam ravishda tekshirilib turilishi shart.

Xodimlarni tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Odamlar ommaviy to‘planadigan obyektlar xodimlari favqulodda vaziyatlarda, jumladan yong‘in sodir bo‘lganda qanday harakat qilish tartibini yaxshi bilishi kerak. Shuningdek, binolar ijaraga berilganda shartnomalarda ijarachilar tomonidan yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi majburiy tartibda belgilanishi lozim.

Odil Quldashevning so‘zlariga ko‘ra, respublika bo‘ylab maxsus ishchi guruhlar tuzilgan bo‘lib, ular Aviator SKMga o‘xshash obyektlarda allaqachon tekshiruvlarni boshlagan.
«Yong‘in xavfsizligi talablarining qo‘pol buzilishi aniqlangan taqdirda, kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar obyektlar faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi», — dedi u.

FVV shuningdek, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun rahbarlar va mansabdor shaxslar ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikka tortilishini eslatib, qonun talablarini bilmaslik javobgarlikdan ozod etmasligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Aviator SKMdagi yong‘in holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Yong‘in oqibatida uch yoshga ham to‘lmagan qizaloq halok bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in paytida ogohlantirish va yong‘in o‘chirish tizimlari ishlamagan, evakuatsiya esa kuchli tutun va to‘liq qorong‘ulik sharoitida amalga oshirilgan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling