Qatar havo hududining vaqtincha yopilishi va qator xalqaro reyslar bekor qilinishi sababli 28 fevral kuni 48 nafar O‘zbekiston fuqarosi Dohadagi Hamad xalqaro aeroportida qolib ketdi.
Elchixona xodimlari zudlik bilan aeroportga yetib borib, vatandoshlarimizga zarur yordam ko‘rsatdi. Muzokaralardan so‘ng fuqarolar aviaqatnovlar tiklangunga qadar mehmonxonalarga joylashtirildi. Havo hududi ochilgach, ular Vatanga qaytish imkoniga ega bo‘ladi.
Diplomatik vakolatxona ma’lumotiga ko‘ra, 1 mart holatiga Qatarda qariyb 600 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. Ular orasida 31 nafar diplomatik vakolatxonalar xodimi va ularning oila a’zolari, qariyb 40 nafar talaba, 250 nafar vaqtincha ishlayotgan fuqarolar hamda 270 ga yaqin sayyohlik va boshqa maqsadlarda kelgan shaxslar bor. Ular orasida jabrlanganlar yo‘q.
Elchixonada ta’kidlanishicha, reyslarning bekor qilinishi favqulodda choradir va ko‘plab davlatlar fuqarolariga ta’sir ko‘rsatgan. Bu holat amaldagi sharoitda aviakompaniyalar imkoniyatlarining cheklangani bilan bog‘liq. Diplomatik missiya fuqarolarga ko‘mak berish va ularning manfaatlarini himoya qilishni davom ettirmoqda.
Vatandoshlarimizga xotirjamlikni saqlash, rasmiy axborot manbalaridan foydalanish hamda Qatar rasmiylarining ko‘rsatmalariga, jumladan harakatlanishni cheklash va odamlar gavjum joylardan saqlanish bo‘yicha tavsiyalariga amal qilish so‘ralgan.
Mamlakatda sayyohlik maqsadida bo‘lib turgan fuqarolarga konsul bilan +974 5141 1001 telefoni orqali bog‘lanish tavsiya etildi.
28 fevral kuni mintaqaning yirik shaharlarida sodir bo‘lgan bir qator portlashlardan so‘ng Qatar va BAA havo hududini qisman yopgan edi.