Yangiliklar
16.10.25
7516

O‘zbekiston prezidenti Shota Rustaveli ko‘chasida yangi BRT yo‘nalishi bo‘ylab elektrobusda sayohat qildi.

O‘zbekiston prezidenti Toshkentdagi birinchi BRT yo‘nalishi bo‘ylab elektrobusda harakatlandi. Yangi transport tizimi harakat tezligini oshiradi, xavfsizlik va yo‘lovchilar qulayligini ta’minlaydi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Toshkentdagi Shota Rustaveli ko‘chasida amalga oshirilgan rekonstruksiya natijalari bilan tanishdi hamda mamlakatda ilk bor joriy etilgan BRT (bus rapid transit) tizimining yangi yo‘nalishi bo‘ylab elektrobusda harakatlandi.

Ko‘chaning markaziy qismidan o‘tgan yangi BRT liniyasi zamonaviy tezkor avtobus harakat tizimini joriy etish bo‘yicha yirik loyiha doirasida barpo etildi. Uzunligi qariyb 7 kilometr bo‘lgan rekonstruksiya qilingan yo‘l qismi intellektual transport boshqaruvi tizimi bilan jihozlangan. Loyiha qiymati 19,2 million dollarni tashkil etadi.

“Yangilangan Shota Rustaveli ko‘chasi nafaqat poytaxtga chiroy bag‘ishladi, balki Toshkentning zamonaviy va aqlli transport tizimiga o‘tishining ramziga aylandi”, — deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.

Avtomobillar uchun har ikki yo‘nalishda uch tadan harakatlanish yo‘lagi tashkil etilgan. Markaziy qismda esa elektrobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘laklar mavjud bo‘lib, ular uchun svetoforlarda “A” harfi bilan belgilangan maxsus signallar o‘rnatilgan. Shuningdek, markaziy bekatlar va xavfsiz piyodalar o‘tish joylari ham barpo etilgan.

BRT tizimining birinchi bosqichi 7-oktabr kuni ishga tushirildi: dastlab uchta yo‘nalish qatnovni boshlagan bo‘lsa, oradan ko‘p o‘tmay yana uchta yangi yo‘nalish qo‘shildi. Kelgusida tarmoq yanada kengaytiriladi.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, avtobuslarda yo‘lovchi oqimi ikki barobardan ko‘proqqa — soatiga 6 ming kishigacha oshgan, ko‘chaning o‘tkazuvchanligi esa kuniga 40 ming avtomobilgacha yetgan. Harakat tezligi 23 km/soatdan 30 km/soatgacha oshgan, yo‘l-transport hodisalari esa sezilarli kamaygan.

“Agar biz yangi metro liniyalarini qurmaganimizda va zamonaviy avtobuslarni xarid qilmaganimizda, Toshkentdagi harakat ancha qiyinlashgan bo‘lardi. Shu sabab yo‘llarni yaxshilayapmiz, jamoat transportini rivojlantirayapmiz — odamlar uchun qulay bo‘lishi kerak. Bu yo‘nalishdagi ishlarni barcha shaharlarimizda davom ettiramiz”, — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, jamoat transportidan foydalanish qulayligini oshirish, tirbandliklarni kamaytirish hamda Toshkent va Yangi Toshkent o‘rtasida samarali transport aloqasini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Shahar avtobus parkini yangilash doirasida poytaxtga 202 ta yangi elektrobus keltirildi va ular yaqin kunlarda qatnovni boshlaydi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling