Yanvar oyida yillik inflyatsiya 7,2 foizni tashkil etdi, narxlar o‘sishining 13 foizi esa go‘sht mahsulotlari qimmatlashuvi hisobiga to‘g‘ri keldi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, umumiy inflyatsiyaning 45 foizi oziq-ovqat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi va bunda go‘sht mahsulotlarining ulushi yuqori. Sabablar qatorida dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida ishlab chiqarish hajmining kamayishi, shuningdek, importning oshgani qayd etildi.
Muborak tumanida allaqachon 5 ming gektar yer maydoni foydalanishga kiritilib, barqaror yem-xashak bazasini shakllantirish maqsadida makkajo‘xori ekish boshlandi. Joriy yilda bunday ishlarni yana 60 ming gektar maydonda tashkil etish topshirildi. Bu orqali 350 ming boshgacha chorva mollarini yem bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Prezident o‘tgan yili Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh qo‘y va echki olib kelinib, naslni yaxshilash ishlari boshlanganini ham eslatdi. 2026 yilda ushbu dasturni davom ettirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, kartoshka yetishtirish hajmini 4,5 mln tonnagacha oshirish vazifasi qo‘yildi. 2025 yilda mamlakatga 772 ming tonna kartoshka import qilingan.
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda tirik vaznda go‘sht ishlab chiqarish 1,5 foizga o‘sib, 2,99 mln tonnaga yetgan. Biroq dehqon xo‘jaliklarida ishlab chiqarish 1,9 foizga kamayib, 2,43 mln tonnani tashkil etgan. Mamlakatdagi jami go‘sht ishlab chiqarishning 81,3 foizi aynan shu sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
2025 yilda mol go‘shti importi 67 foizga oshib, 156,9 ming tonnaga yetgan, qo‘y go‘shti importi esa qariyb 2,5 barobar ko‘paygan. Joriy yil yanvar oyida mol go‘shti importi yana 30 foizga tezlashgan.
Davlat rahbari importga qaramlikni kamaytirish uchun yem-xashak bazasini kengaytirish va chorvachilik samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.