Yangiliklar
27.02.26
7264

Qozog‘istondagi «Palov markazi»da yuz bergan portlash oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi

Qozog‘istonda «Palov markazi»da gaz portlashi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq fuqaro jarohat oldi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Qozog‘istonning Aqmola viloyatida «Palov markazi»da yuz bergan gaz portlashi holati yuzasidan tergov olib borilmoqda. Fojia 26 fevral kuni kechqurun Shuchinsk shahrida sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi.

Besh nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, yana ikki kishi esa ertasi kuni reanimatsiyada hayotdan ko‘z yumgan. Qurbonlar orasida 16 yoshli qiz ham bor.

Jami 26 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Shifokorlar ma’lumotiga ko‘ra, turli darajadagi kuyish jarohatlari olgan 13 nafar jabrlanuvchi shifoxonada qolmoqda. Ularga yordam ko‘rsatish uchun viloyat markazidan uchta reanimatsiya brigadasi jalb etilgan. Yana olti kishi birlamchi yordamdan so‘ng ambulator davolanishga o‘tkazilgan.

Portlashdan keyin binoda yong‘in kelib chiqqan. Yong‘inni o‘chirish jarayonida qutqaruvchilar bino ichidan sakkizta gaz ballonini olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Bu esa takroriy portlashlarning oldini olish va inshootning yanada vayron bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik imkonini bergan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov organlari yong‘in xavfsizligi talablari hamda gaz uskunalaridan foydalanish qoidalariga rioya etilgan-etilmaganini tekshirmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling