Senator Sayyora Abdikarimova sobiq “Toshturma” hududida dam olish maskani barpo etish loyihasining yillar davomida cho‘zilib ketgani munosabati bilan Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov nomiga so‘rov yubordi.
2018-yil 22-martdagi Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, Yunusobod tumanidagi 1-sonli tergov hibsxonasining binolari buzilib, o‘rnida zamonaviy alleya va zarur infratuzilmaga ega dam olish hududi barpo etilishi lozim edi.
Biroq senator ta’kidlashicha, hukumat topshirig‘i oradan yetti yil o‘tganiga qaramay hanuz bajarilmagan. Hudud nazoratsiz qolmoqda, ayrim qurilish kompaniyalari esa bu yerda o‘z manfaatlari yo‘lida faoliyat yuritishga urinyapti. Bu esa mahalliy aholining e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Abdikarimova o‘z so‘rov xatida kechikish sabablari, hududning hozirgi holati va obodonlashtirish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berishni so‘radi.
1891-yilda qurilgan “Toshturma” Toshkentdagi eng qadimiy qamoqxonalardan biri hisoblanadi. 2018-yilda muassasa yopilgach, mahbuslar Zangiota tumanidagi yangi hibsxonaga ko‘chirilgan edi.