Surxondaryo viloyatida yo‘l-transport hodisasi oqibatida 6 yoshli qizaloq halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 4 mart kuni Uzun tumanidagi «Surxon» mahallasi hududida 28 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Chevrolet Nexia 2 avtomobili yo‘lni kesib o‘tayotgan bolani urib yuborgan. Qizaloq og‘ir tan jarohatlari olib, vafot etgan.
Fojia ortidan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tuman ichki ishlar bo‘limi vakillari bilan birga mahalla aholisi va maktab o‘quvchilari ota-onalari bilan yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi.
Aholi murojaatlarini inobatga olgan holda «Surxon» mahallasida qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ko‘rildi:
ikkita piyodalar o‘tish joyi tashkil etildi;
ogohlantiruvchi yo‘l belgilar o‘rnatildi;
maktab yaqinida tezlikni nazorat qiluvchi radar o‘rnatildi.
Bundan tashqari, davlat ahamiyatidagi D169 avtomobil yo‘lining 104-kilometrida yangi piyodalar o‘tish joyi yo‘l chiziqlari va belgilar bilan jihozlandi. Shu yo‘lning 106-kilometrida joylashgan 27-maktab yonida esa o‘quvchilar xavfsizligini oshirish maqsadida ko‘tarilgan piyodalar o‘tish joyi qurildi.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonda 9226 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Ularning oqibatida 2188 kishi halok bo‘lgan, 8901 kishi jarohat olgan. O‘tgan yilga nisbatan YTHlar soni 1 foizdan kam miqdorda kamaygan.