O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri, iste’fodagi general-polkovnik Rustam Urmonovich Ahmedov 83 yoshida vafot etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Rustam Ahmedov bilan vidolashuv marosimi 13 oktabr kuni soat 11:30 da Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida, Orol ko‘chasi, 3-tor ko‘cha, 13-uy manzilida bo‘lib o‘tadi.
Rustam Ahmedov O‘zbekiston tarixiga mamlakatning birinchi mudofaa vaziri sifatida kirgan. Uning tayinlanishi to‘g‘risidagi farmonni O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 1991-yil 10-sentabrda imzolagan, u esa 1992-yil 3-iyul kuni — vazirlik tuzilmasi to‘liq shakllangach — lavozimiga kirishgan.
1991–1997-yillarda Ahmedov Mudofaa vazirligini boshqargan va shu bilan birga Milliy gvardiya qo‘mondoni lavozimida ishlagan. Keyinchalik, 1997-yil sentabrdan 1998-yil sentabrgacha Favqulodda vaziyatlar vazirligiga rahbarlik qilgan.
Rustam Ahmedov 1943-yil 10-noyabrda Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida tug‘ilgan. 1965-yilda Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtini, 1985-yilda esa Bronetank qo‘shinlari harbiy akademiyasini tamomlagan. U dastlab Boltiqbo‘yi harbiy okrugida, keyin esa Toshkent va Samarqanddagi harbiy o‘quv yurtlarida xizmat qilgan.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, Ahmedov milliy armiya shakllanishida, uning infratuzilmasini rivojlantirishda va harbiy xizmat nufuzini oshirishda muhim rol o‘ynagan. 1998-yilda iste’foga chiqqan bo‘lsa-da, 2020-yilgacha mudofaa vazirining maslahatchisi sifatida faoliyatini davom ettirgan.
“Maroq bilan o‘tilgan general-polkovnik Ahmedov hayot yo‘li — fidoyilik, sadoqat va yuksak mas’uliyat namunasi. Uning mehnati va insoniy fazilatlari doimo yodimizda qoladi”, — deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.
Rustam Ahmedov mamlakat oldidagi xizmatlari uchun 1993-yilda O‘zbekiston Faxriy yorlig‘i, 1995-yilda “Shon-sharaf” ordeni II darajasi va 2018-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
Rustam Ahmedovning so‘nggi intervyusi 2025-yil iyun oyida “Alter Ego” loyihasiga berilgan edi.