Yangiliklar
10.02.26
7302

Sohibjon Murodov O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga rahbar etib tayinlandi

Tekshiruv va surishtiruvlar fonida Sohibjon Murodov Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori etib tayinlandi

Prezident qarori bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori etib Sohibjon Murodov tayinlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Tayinlovga qadar Sohibjon Murodov Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markaziga rahbarlik qilgan. Avvalroq u Davlat raqobat qo‘mitasining Ichki xavfsizlik inspeksiyasi rahbari o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan. Mazkur tuzilma hozirda Raqobatni rivojlantirish va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Mazkur kadrlar qarori Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda “O‘zbekneftgaz” kompaniyasida o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli tekshiruvlar fonida qabul qilindi. Yanvar oyi oxirida prezident Shavkat Mirziyoyev milliardlab so‘mlik talon-toroj holatlari aniqlanganini ma’lum qilgan edi.

Xususan, agentlik mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 mlrd so‘m bo‘lgan yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, uni 120 mlrd so‘mga sotgani qayd etilgandi.

Idoraning avvalgi rahbari Akmalxon Ortikov lavozimidan ozod etildi. Hozirda agentlik faoliyati Davlat xavfsizlik xizmati va komplaens xizmati tomonidan tekshirilmoqda, tergovga iqtisodiy xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar jalb etilgan. Keyinchalik Ortikovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ham xabarlar paydo bo‘ldi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling