AQSh Davlat departamenti 21-yanvardan boshlab noma’lum muddatga O‘zbekiston fuqarolari hamda yana 74 davlat fuqarolari uchun immigratsion vizalarni rasmiylashtirishni to‘xtatganini e’lon qildi. Qaror faqat immigratsion vizalarga taalluqli bo‘lib, turistik vizalarga daxldor emas.
Qayd etilishicha, cheklov arizalarni qabul qilish to‘xtatilganini anglatmaydi. Mazkur davlatlar fuqarolari hujjat topshirish va suhbatdan o‘tishda davom etishlari mumkin, biroq cheklov amal qilayotgan davrda immigratsion vizalar berilmaydi. Avval rasmiylashtirilgan vizalar o‘z kuchida qoladi va bekor qilinmaydi.
Davlat departamentida ta’kidlanishicha, turistik vizalar odatdagi tartibda berishda davom etadi. Shuningdek, ikki fuqarolikka ega bo‘lgan shaxslar agar ro‘yxatga kiritilmagan davlat pasporti bilan murojaat qilsalar, immigratsion viza olishlari mumkin bo‘ladi.
Idoraning rasmiy bayonotida ushbu tashabbus migratsiya siyosatini qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liqligi qayd etilgan.
“Donald Tramp muhojirlar moliyaviy jihatdan o‘zini o‘zi ta’minlay olishi va amerikalik soliq to‘lovchilar zimmasiga yuk bo‘lmasligi kerakligini aniq bildirib o‘tgan”, — deyiladi xabarda. AQSh rasmiylari yuqori xavf toifasiga kiritilgan mamlakatlardan kelgan muhojirlarning ijtimoiy nafaqalardan foydalanish xavfini kamaytirish maqsadida amaldagi qoidalarni tekshirib chiqishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekistondan tashqari ro‘yxatga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Belarus, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Moldova, shuningdek Osiyo, Afrika, Yevropa va Lotin Amerikasining qator davlatlari kiritilgan. Umumiy hisobda cheklov 75 mamlakatni qamrab oladi.