Londondagi shifoxonalardan birida uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng xalqaro Hinduja Group konserni rahbari, milliarder Gopichand Hinduja 85 yoshida vafot etdi. Bu haqda The Financial Times, The Guardian va NDTV nashrlari xabar berdi.
Hinduja 1959-yilda oilaviy biznesga qo‘shilgan. Uning otasi tomonidan asos solingan kompaniya kichik savdo firmasi sifatida boshlangan bo‘lib, keyinchalik bank sohasi, energetika, transport, ko‘chmas mulk va ko‘ngilochar industriyaga sarmoya kirituvchi yirik xalqaro konglomeratga aylandi.
1980-yillarda Gopichand va uning ukasi Srichand Hinduja Londonga ko‘chib o‘tib, butun holding boshqaruvini shu yerda jamlashgan. Srichand 2023-yilda vafot etgan edi.
2024-yilda Hinduja oilasi Shveytsariyada sud mojarosiga tortilgan — oilaning bir necha a’zosi Hindistondan keltirilgan ishchilarni ekspluatatsiya qilganlikda aybdor deb topilgan. Shunga qaramay, 2025-yilda ular yana The Sunday Times reytingida Buyuk Britaniyaning eng boy oilasi sifatida qayd etilgan.
Hinduja Groupning boyligi 35,3 milliard funt sterling (taxminan 46 milliard dollar) deb baholangan. Gopichand Hinduja Britaniya va Hindiston biznes dunyosidagi eng nufuzli tadbirkorlardan biri sifatida tanilgan.