Yangiliklar
06.02.26
7361

O‘zbekiston va Pokiston harbiy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi

Shavkat Mirziyoyev Pokiston Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Asim Munir bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar harbiy va mudofaa sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Qurolli kuchlari Quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni, Mudofaa kuchlari bosh qo‘mondoni — feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar “Global Industrial and Defence Solutions” kompaniyasi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar harbiy hamda harbiy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, xavfsizlikka doir zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat mudofaa-sanoat majmuasining yetakchi korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiyani chuqurlashtirish muhimligi ta’kidlandi. Harbiy mutaxassislarni tayyorlash dasturlarini rivojlantirish, tajriba almashish va qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, o‘zaro manfaatli bo‘lgan transport-logistika sohasidagi istiqbolli infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasini tayyorlashga kelishib oldi. Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston prezidenti “Global Industrial and Defence Solutions” kompaniyasining ishlanmalari, jumladan, Pokistonda ishlab chiqarilgan zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar namunalari bilan tanishdi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling