Yangiliklar
06.02.26
7365

O‘zbekiston va Pokiston yirik kelishuvlar paketini imzoladi

O‘zbekiston va Pokiston Savdo va investitsiyalardan tortib transport, xavfsizlik hamda madaniyatgacha bo‘lgan sohalarni qamrab olgan Qo‘shma deklaratsiya va yirik kelishuvlar paketini imzoladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif 5 fevral kuni Islomobod shahrida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ilk yig‘ilishini o‘tkazdi. Yakunda tomonlar Qo‘shma deklaratsiya hamda davlatlararo hujjatlarning keng qamrovli paketini imzoladi.

Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro savdo hajmi qariyb 500 mln dollarni tashkil etgan. Tomonlar yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 2 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi qariyb 230 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Qo‘shma loyihalar to‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi va boshqa bir qator sohalarda amalga oshirilmoqda. Tashrifga tayyorgarlik doirasida agrosanoat, elektrotexnika, geologiya, farmatsevtika, yengil va oziq-ovqat sanoati yo‘nalishlarida umumiy qiymati qariyb 3,5 mlrd dollarlik loyihalar portfeli shakllantirildi.

Tomonlar O‘zbekiston–Pokiston Ishbilarmonlar kengashi, Hududlar forumi hamda Ekspertlar kengashini tashkil etishga, shuningdek, amaldagi Preferensial savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar nomenklaturasini sezilarli darajada kengaytirishga kelishib oldi.

Transport-logistika loyihalariga alohida e’tibor qaratildi. Transafg‘on temir yo‘lini qurishni jadallashtirish hamda “Pokiston — Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” transport yo‘lagini ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Gumanitar sohada joriy yilda Pokistonda O‘zbekiston madaniyati haftaligi va o‘zbek kinosi kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. O‘zbekiston prezidenti Boburiylar sulolasi merosini targ‘ib etish maqsadida Lahor shahrida qo‘shma madaniyat markazini tashkil etishni taklif qildi.

Yetakchilar ishtirokida bir qator bitim va bayonnomalar bilan almashildi. Port xizmatlari, tog‘-kon va geologiya, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika mahsulotlarini nazorat qilish, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati, raqamli va axborot texnologiyalari, madaniyat va sport, radiatsion va yadroviy xavfsizlik, ekologiya hamda tabiiy ofatlarning oldini olish sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar imzolandi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash, mahkumlarni jazoni o‘tash uchun topshirish, Boburiylar merosini asrash va targ‘ib etish, shuningdek, ikki mamlakat hududlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mudofaa vazirliklari o‘rtasida yo‘l xaritasi, preferensial savdo doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha bayonnomalar, shuningdek, O‘zbekistondan Pokistonga yangi olma, anjir, limon va achchiq qalampir eksporti uchun fitosanitariya talablariga oid hujjatlar imzolandi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling