Yangiliklar
30.12.25
7657

O‘zbekiston Afg‘onistonga qariyb 400 tonna gumanitar yordam yubordi

O‘zbekiston Afg‘onistonga oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlardan iborat qariyb 400 tonna gumanitar yordam topshirdi. Yuk Termez Cargo Centre hududida shakllantirildi.

O‘zbekiston Afg‘onistonga umumiy og‘irligi qariyb 400 tonnani tashkil etgan navbatdagi gumanitar yordam partiyasini yubordi. Yuk Surxondaryo viloyatidagi Termez Cargo Centre maydonchasida shakllantirilib, Balx viloyatining Xayraton shahrida afg‘on tomoniga topshirildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, gumanitar yordam tarkibidan oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar hamda tibbiy uskunalar o‘rin olgan. Yukni topshirish marosimi tantanali ruhda o‘tkazilib, unda Afg‘onistonning Balx viloyati vakillari O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga doimiy qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirdi.

Qayd etilishicha, ushbu yuk joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonga yo‘naltirilgan to‘rtinchi gumanitar yordam hisoblanadi. TIVda ta’kidlanishicha, Toshkent qo‘shni mamlakatga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha izchil siyosatini davom ettirmoqda.

Avvalroq, sentabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan, O‘zbekiston zilzila oqibatida zarar ko‘rgan Afg‘onistonning Kunar va Nangarhor viloyatlari aholisiga yordam ko‘rsatgan edi. O‘shanda Afg‘onistonga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar va tibbiy buyumlarni o‘z ichiga olgan qariyb 300 tonna gumanitar yuk yuborilgan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling