O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 oktabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo — Rossiya” formatidagi sammitda nutq so‘zladi. Davlat rahbari mintaqa mamlakatlari va Rossiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda texnologik kooperatsiyani kengaytirishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Asosiy takliflardan biri uglevodorodlarni qidirish va qayta ishlash, energiyani tejash hamda “yashil texnologiyalar” sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘ldi. Prezident “Markaziy Osiyo va Rossiya energetika hamkorligi” dasturini ishlab chiqishni va Toshkentdagi MIFI filiali negizida atom energetikasi bo‘yicha mintaqaviy kompetensiya markazini tashkil etishni taklif etdi.
Sanoat yo‘nalishida Shavkat Mirziyoyev Buxoroda “Markaziy Osiyo — Rossiya” sanoat injiniringi markazini yaratish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu markaz texnologik yechimlarni birgalikda ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish uchun platforma vazifasini bajaradi.
Prezident, shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashini tuzish hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida “Skolkovo” markazi filiallarini ochishni taklif qildi. Bu tashabbus innovatsiyalar almashinuvi va mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, davlat rahbari “Markaziy Osiyo — Rossiya Agroekspress” loyihasini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Mazkur loyiha o‘zaro savdo hajmini oshirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishni soddalashtirishga qaratilgan. Shuningdek, avtomobil, temir yo‘l va havo transporti sohalaridagi milliy dasturlarni uyg‘unlashtirish uchun Transport-logistika tizimini shakllantirish taklifi ilgari surildi.
Gumanitar sohada Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari madaniyati va ijodini birlashtiruvchi yillik festivalni o‘tkazish, shuningdek, yetakchi universitetlar va ilmiy markazlarni birlashtiruvchi “Kelajak muhandislari” konsorsiumini yaratishni taklif etdi.
Nutq yakunida prezident terrorizm, kiberxavfsizlik va odam savdosi tahdidlariga qarshi kurashda birgalikdagi sa’y-harakatlarning muhimligini qayd etdi hamda Afg‘oniston masalasi bo‘yicha yuqori darajadagi maslahatlashuvlar o‘tkazishni taklif qildi.