Yangiliklar
11.02.26
7627

O‘zbekiston korrupsiya reytingida pastladi

O‘zbekiston 2025 yilgi Korrupsiyani idrok etish indeksida 124-o‘ringa tushdi va 31 ball oldi. Bu so‘nggi yillarda birinchi barqaror pasayish hisoblanadi.

Xalqaro Transparency International tashkiloti 2025 yil uchun “Korrupsiyani idrok etish indeksi” bo‘yicha yillik hisobotini taqdim etdi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston 182 ta davlat orasida 124-o‘rinni egalladi va 100 ballik tizimda 31 ball oldi. O‘tgan yilga nisbatan ko‘rsatkich 1 ballga pasaydi va mamlakat reytingda 3 pog‘ona pastladi.

So‘nggi yillardagi dinamika shuni ko‘rsatadiki, hozirgi natija o‘sish davridan keyingi birinchi barqaror pasayish bo‘ldi. 2016 yilda respublika 156-o‘rinda va 21 ball bilan joylashgan edi. Keyinchalik ko‘rsatkichlar asta-sekin yaxshilandi: 2021 yilda 140-o‘ringa ko‘tarildi, 2023 yilda eng yaxshi natijaga erishib, 121-o‘rin va 33 ball oldi. Biroq, ikkinchi yil ketma-ket salbiy dinamika qayd etilmoqda.

Reyting liderlari an’anaviy ravishda Daniya (89 ball) va Finlyandiya (88 ball) bo‘lib qolmoqda. Korrupsiyasi eng past bo‘lgan davlatlar qatoriga shuningdek Singapur, Yangi Zelandiya, Norvegiya va Shveytsariya kiradi. Eng past ballar esa uzoq davom etayotgan inqirozlar va mojaro sharoitidagi mamlakatlarga tegishli — Somali, Venesuela, Yamena va Janubiy Sudan.

Ekspertlar baholashicha, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi eng zaif hududlardan biri bo‘lib qolmoqda: uning o‘rtacha ko‘rsatkichi 34 ballni tashkil etadi. Asosiy omillar sifatida davlat institutlarining zaifligi va fuqarolik maydonining cheklanishi ko‘rsatiladi.

Hisobotda qayd etilishicha, ijobiy dinamika tiklanishi uchun O‘zbekiston nafaqat qonunchilikni takomillashtirishi, balki jamoatchilik nazoratini ta’minlaydigan mustaqil OAV va fuqarolik jamiyati institutlarini kuchaytirishi lozim.

Mintaqa davlatlari reytingdagi o‘rinlari quyidagicha:
— Qozog‘iston — 96-o‘rin;
— Qirg‘iziston — 142-o‘rin;
— Tojikiston — 166-o‘rin;
— Turkmaniston — 167-o‘rin.

Rossiya 22 ball olib, 157-o‘rinni Chad va Zimbabve bilan bo‘lishdi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling