O‘zbekiston agrar sohada xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) bilan yangi AgriConnect tashabbusi doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Alisher Shukurov boshchiligidagi delegatsiya ishchi uchrashuv o‘tkazdi.
AgriConnect dasturi agrar siyosatni shakllantirishda dalillarga asoslangan yondashuvni joriy etishga qaratilgan. U qishloq xo‘jaligida axborot tizimlarini rivojlantirish, monitoringni kuchaytirish hamda investitsiya va grant mablag‘larini samarali taqsimlashni nazarda tutadi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston loyiha amalga oshiriladigan to‘rt pilot mamlakatdan biri sifatida tanlangan. Ushbu maqom investitsion kapital jalb qilish va texnik yordamning yangi vositalariga kirish imkonini beradi.
Uchrashuv davomida tomonlar investitsiya uchun ustuvor yo‘nalishlar, agrar sektor o‘sishining potentsial nuqtalari va hamkorlik tashabbuslarini amaliyotga joriy etish mexanizmlari bo‘yicha fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida tizimli hamkorlikka o‘tish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tez orada aniq takliflar paketi tayyorlanib, dasturning keyingi bosqichini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.