O‘zbekiston Transport vazirligi 10 martdan boshlab Saudiya Arabistoni va BAA bilan ikki tomonlama yo‘lovchi aviaqatnovlarini qayta tiklashga ruxsat berdi. Avval Yaqin Sharqdagi havo hududi yopilgani sabab joriy etilgan cheklovlar to‘liq bekor qilindi.
Tashuvchilarga aviatsiya xavfsizligi talablari, xalqaro aviatashuv qoidalari hamda Saudiya Arabistoni va BAA aviatsiya organlari belgilagan me’yorlarga qat’iy rioya qilish topshirildi.
Cheklovlar bekor qilingach, milliy aviakompaniya Uzbekistan Airways Toshkent — Dubay — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar erkin sotilishini qayta boshlaganini ma’lum qildi. 11 martdan boshlab ushbu yo‘nalishda yo‘lovchi tashish bo‘yicha barcha cheklovlar olib tashlandi.
Avvalroq Yaqin Sharqdagi ayrim mamlakatlar ustidan havo hududi yopilgani sabab ko‘plab O‘zbekiston fuqarolari safarlarini tashkil etishda qiyinchiliklarga duch kelgan va ayrim sayyohlik kompaniyalari bilan aloqani yo‘qotgan. Transport vazirligi ayrim turoperatorlar tomonidan manipulyatsiya holatlari qayd etilganini bildirib, ularni mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarishga chaqirdi.