«Uzbekneftegaz» Xitoyning XIBU Drilling Engineering Company kompaniyasi bilan 2026–2027 yillarda 30 ta quduq burg‘ilash bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Loyiha kengroq hamkorlikning birinchi bosqichi bo‘lib, avval Xitoy tomoniga 2026–2029 yillarda O‘zbekistonda 105 tagacha quduq burg‘ilash taklif qilingan. XIBU kompaniyasi China National Petroleum Corporation tarkibiga kiradi.
Shartnoma «Uzbekneftegaz» boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginovning Xitoyga xizmat safari yakunida imzolangan. Muzokaralar davomida yirik neft-gaz kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Loyiha doirasida mamlakatga yuk ko‘tarish quvvati 450 tonnagacha bo‘lgan 10 ta burg‘ilash uskunasi olib kelinishi rejalashtirilgan. Quduqlar seysmik tadqiqotlar natijasida aniqlangan istiqbolli hududlarda burg‘ilanadi. Ularning chuqurligi 5500–6000 metrdan oshishi mumkin.
Ba’zi hududlarda murakkab geologik sharoitlar kuzatiladi — bosim 1000 atmosfera, harorat esa 200°C gacha yetishi mumkin.
«Uzbekneftegaz»ga ko‘ra, loyiha geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, gaz zaxiralarini ko‘paytirish va mamlakat energetik xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
XIBU kompaniyasi avval ham O‘zbekistonda ishlagan. U Buxoro viloyatidagi Karakul investitsiya blokida 11 ta ekspluatatsion quduq qurilishida hamda Andijon viloyatidagi neft konini o‘zlashtirish loyihasida ishtirok etgan.